Yoshlar orasida huquqbuzarliklarning oldini olish tadbiri

Marhamat tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik R.Z. Jaloldinov tomonidan “Yoshlar kuni” munosabati bilan tumanda yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish hamda muammolarini bartaraf etishga qaratilgan keng ko‘lamli profilaktik tadbirlar tashkil etildi.
Tadbirlarning birinchi qismida tumanning Guliston MFY hududida joylashgan 3-son texnikumi binosida uyushmagan yoshlar, shuningdek, respublikamizning turli hududlaridan kelib tahsil olayotgan o‘quvchi-yoshlar ishtirokida umumiy va yakka tartibdagi profilaktik uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuv davomida yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan turli xil jinoyatlar, ularning kelib chiqish sabablari va omillari atroflicha tahlil qilinib, bunday holatlarning oldini olish, huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha zarur huquqiy tushuntirishlar berildi. Yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ularning fikr-mulohazalari va takliflari ham tinglandi.
Shuningdek, aniqlangan muammoli holatlarga alohida e’tibor qaratilib, ijtimoiy ko‘makka muhtoj bo‘lgan 6 nafar yoshning muammolarini hal etish yuzasidan manzilli choralar belgilandi hamda amaliy yordam ko‘rsatish ishlari olib borildi. Kunning ikkinchi yarmida esa “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazida yana bir muhim yo‘nalishdagi ishlar tashkil etildi. Xususan, ota-ona qaramog‘isiz qolgan 3 nafar voyaga yetmaganlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda vasiylik va homiylik tayinlash choralarini ko‘rish bo‘yicha tegishli mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda amaliy ishlar olib borildi.
Mazkur tadbirlar yoshlarni jinoyatchilikdan asrash, ularning huquqiy ongini oshirish, jamiyatda munosib o‘rin egallashlariga ko‘maklashish hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.